Abdulhakim Arvosiy | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Tavalludi | 1865-yil |
Vafoti |
1943-yil 27-noyabr |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | Naqshbandiya-xolidiyya shayxi |
Abdulhakim Arvosiy (arabcha: عبد الحکیم أرواسی — (1865, Boshqal’a — 27.11.1943, Istanbu) — Naqshbandiyya-xolidiyya shayxi.
Hozirgi Turkiyadagi Van viloyati (Van ko‘li) atrofida joylashgan Boshqal’a shaharchasida tug‘ilgan. Otasi — Sayyid Mustafo Afandi. Ona tomonidan nasli Abdulqodir Jiyloniyga borib taqaladi. Mo‘g‘ul xonlaridan Hulogu Bag‘dodni istilo etganida (1258-yil) ajdodlari Mosulga hijrat qilganlar, keyinroq Urfa va Bitlisga, u yerdan Misrga ko‘chganlar. Bir muddat o‘tib oilaning katta o‘g‘li Mulla Muhammad Vanga qaytib, shaharning sharqiy tomonida, tog‘ yonbag‘rida maskan barpo qilgan. Mazkur joyda katta dargoh va ikki qavatli masjid bunyod etib, u yerga Arvos deb nom bergan. Qodiriyya tariqatiga mansub, „Arvos sayyidlari“ nomi bilan tanilgan mazkur oila sulolasi olti yuz ellik yildan buyon mavjud bo‘lib, hozirgacha davom etib kelmoqda.
Abdulhakim Arvosiy boshlang‘ich va o‘rta taʼlimni Boshqal’ada olgan, keyinchalik Iroqning mashhur olimlaridan ilm o‘rganadi. Ulardan ijozaga erishib, Boshqal’aga qaytadi (1882-yil).
O‘ziga meros qolgan boylikdan bir madrasa qurdiradi va u yerda boy kutubxona barpo qiladi. U mazkur madrasada yigirma yilga yaqin taʼlim bergan. 1880-yilda xolidiyya tariqati shayxlaridan Sayyid Fahmga qo‘l berib murid bo‘ladi. Murshididan naqshbandiyya, kubraviyya, suhravardiyya, qodiriyya va chishtiyya tariqatlarida xilofat qilish huquqini oladi (1889-yil). Abdulhakim Arvosiyning tariqat silsilasi Sayyid Fahm, Sayyid Toha orqali naqshbandiyyaning xolidiyya tarmog‘ining asoschisi Mavlono Xolid al-Bag‘dodiyga borib taqaladi.
Birinchi jahon urushi boshlarida ruslar Boshqal’ani istilo etayotgan va armanlar tomonidan musulmonlar talon-toroj qilinayotgan davrda Abdulhakim Arvosiy hukumatdan yuz ellik kishilik oila aʼzolari bilan tinch joyga ko‘chish buyrug‘ini oladi. Ko‘chish niyatida Bag‘dodga yo‘lga chiqqan oila Revandiz-Arbil orqali Mosulgacha boradi. Ular ikki yilcha o‘sha yerda qoladilar. Inglizlar Bag‘dodni ishg‘ol etgach, u yerga borish niyatidan qaytib, oltmish olti kishidan iborat oila Adanaga ko‘chib keladi. Adana ham dushman qo‘liga o‘tish ehtimoli yuzaga kelgach, Eskishaharga va nihoyat, 1919-yilda Istanbulga keladi.
Abdulhakim Arvosiy bir muddat Vaqf nazoratiga qarashli Ayyubdagi madrasada musofir holida yashab, keyin Qashg‘ariy Dargohi mudarrisligiga tayinlanadi (1919-yil, oktabr). Madrasa al-mutaxassisiynda tasavvuf tarixidan dars beradi. Madrasa mudarrisligi bilan birga Qashg‘ariy masjidining imom-xatibligi vazifasi ham unga topshiriladi.
1930-yil dekabrda Menemen voqeasiga aloqadorligi gumon qilinib qo‘lga olinadi, biroq uning bu voqeaga aloqasi bo‘lmagani tasdiqlanadi. Familiya joriy qilish haqidagi qonun qabul qilingandan so‘ng, Uchishik familiyasini olgan. U Beyo‘g‘li Og‘a va Boyazid masjidlarida dars bergan. Abdulhakim Arvosiyning qabri Anqaradagi Bag‘lum qabristonida.
Ushbu maqolada Islom ensiklopediyasi (2020) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |