Sadrul-islom Abu-l-Yusr Muhammad ibn Muhammad ibn Abdulkarim al-Pazdaviy | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Tavalludi | milodiy 1030-yil (hijriy 421-yil) |
Vafoti |
milodiy 1099-yil (hijriy 493-yil) |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | „Usӯl ad-dӣn“ asari muallifi |
Abu-l-Yusr al-Pazdaviy (arabcha: أبو اليسر الپزدوي — Sadrul-islom Abu-l-Yusr Muhammad ibn Muhammad ibn Abdulkarim al-Pazdaviy) — „Usӯl ad-dӣn“ asari muallifi.
Sadrul-islom Abu-l-Yusr Muhammad ibn Muhammad ibn Abdulkarim al-Pazdaviy 1030-yil (hijriy 421-yil)da hozirgi Qashqadaryo viloyatidagi Pazda nomli qishlogʻida tug‘ilgan. Dastlabki saboqni otasi Abu-l-Hasan Muhammad al-Pazdaviydan olgan. Al-Moturidiyning shogirdlaridan bo‘lgan bobosi Abdulkarim ibn Muso orqali Samarqand kalom maktabi bilan tanishish imkonidan ham foydalangan.
Abu-l-Yusr al-Pazdaviy o‘z davrida bir qancha hanafiy olimlardan tahsil olgan. Ustozlari orasida Abu Yaʼqub Yusuf ibn Muhammad an-Nishopuriy va Abu-l-Xattob kabi olimlarning o‘rni katta bo‘lgan. „Aqāid an-Nasafӣ“ asarining muallifi Abu Hafs Najmuddin Umar an-Nasafiy va Abu-l-Muʼin an-Nasafiylar uning eng mashhur shogirdlari hisoblangan. Shogirdlari orasida Ruknul-aimma Abdulkarim ibn Muhammad as-Sanoiy (yoki as-Saboiy) al-Madaniy, Muhammad ibn Tohir as-Samarqandiy va Abdulloh ibn Muhammad al-Hulamiy kabi olimlar bo‘lganini ham alohida taʼkidlash lozim.
Asarlaridan „Usӯl ad-dӣn“ muhim ahamiyatga ega. Abu-l-Yusr al-Pazdaviyning ushbu asari Xans Peter Linss tomonidan Anqarada (Xo‘ja Ismoil Soib kutubxonasi. Inv. raqami 2/1261) topilgan. Oradan ko‘p o‘tmay, X.Piter bu asar bo‘yicha doktorlik dissertasiyasini himoya qilgan (Bonn universiteti, 1952-yil) va asarni 1963-yilda nashr ettirgan. Keyinchalik ushbu asar Sharafiddin Go‘ljuk tomonidan turk tiliga tarjima qilinib, 1980-yilda Istanbulda „Ahli sunna aqoidi“ nomi bilan nashr ettirilgan.
To‘qson olti masaladan tashkil topgan mazkur asar mazmun jihatidan ahli sunna val-jamoa yo‘nalishi va moturidiyya maktabi fikrlarining butun mohiyatini ochib berish maqsadida yozilgan.
Abu-l-Yusr al-Pazdaviy „Usӯl ad-dӣn“ asarining avvalida taʼkidlashicha, samarqandlik bir qancha olimlar ham shu maqsadda asarlar yozishgan. Lekin ulardan unchalik ko‘ngli to‘lmagani sababli o‘zi mazkur asarni yozishga qaror qilgan.
Abu-l-Hasan al-Ashʼariyning ham ko‘plab asarlarini mutolaa qilgan Abu-l-Yusr al-Pazdaviy uning „Kitāb al-muʼjaz“ va „Maqālat al-islāmiyyӣn“ asarlariga alohida urg‘u bergan. Shuningdek, ko‘p marotaba al-Moturidiy fikrlarini ilovalar qilgan. Masalan, o‘z asarining boshida u „Kitāb at-tavhӣd“ asariga urg‘u berib, uning uslubi va o‘ziga xos xususiyatlari haqida muhim maʼlumotlar keltiradi. Shuningdek, uning Imom Muhammadning „Al-Jāmiʼ as-sag‘ӣr“ asariga sharh sifatida „Taʼlӣqāt“ hamda fiqhga oid „Al-Vāqiʼāt“ va „Al-Mabsӯt“ asarlari mavjud bo‘lgan. Abu-l-Yusr al-Pazdaviy Movarounnahrda, ayniqsa, Buxoroda hanafiy mazhabi hamda moturidiyya kalom maktabi rivojiga ulkan xizmat ko‘rsatgan olim hisoblanadi.
Abu-l-Yusr al-Pazdaviy 1099-yil (hijriy 493-yil)da Buxoroda vafot etgan[1].
Ushbu maqolada Islom ensiklopediyasi (2020) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |