Antiqa yuno

Antiqa yuno
Ilmiy tasniflashUshbu tasnifni tahrirlash
Olam: Eukariotlar
Tip: Gulli oʻsimliklar
Sinf: Bir urugʻpallalilar
Turkum: Iris
Oila: Gulsapsardoshlar
Binar nomi
Juno magnifica

Antiqa yuno (lotincha: Juno magnifica) – gulsapsardoshlar oilasi, iris turkumiga mansub gulli oʻt oʻsimlik. Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kamyob, endemik tur sifatida kiritilgan. Samarqand viloyati Omonqoʻton togʻlari hududida uchraydi. Qoyalarda va mayda zarrali tuproqlarda oʻsishga moslashgan[1].

Balandligi 25—40 sm ga yetadigan koʻp yillik, piyozchali oʻt oʻsimlik. Ildizi yogʻon, urchuqsimon, piyozi yaxshi rivojlangan. Piyozboshisi orqali vegetativ yoʻl bilan ham koʻpayadi. Poyasi yogʻon, barglari ketma-ket joylashgan. Barglarining shakli oʻroqsimon, och yashil rangda, yaltiroq, pastki qismidagi barglarining eni 3,5—5 sm. Gullari 3—7 dona. Gulqoʻrgʻon boʻlakchalari erkin, qoʻshilmagan, naychasining uzunligi 4,5—5 sm, yashil-binafsha rangda, ichki gulqoʻrgʻon bargchalari och binafsha rangda, uzunligi 22—27 mm. Changdonlari oqish. Gullari ikki jinsli, urug‘chibargi va changdoni bitta oʻsimlikda joylashgan. Gulning rangi, chiroyli tuzilishi, chandonlarining tuzilishi va nektari arilar hamda changlatuvchi hashorotlarni oʻziga jalb qiladi. Urug‘i yirik, gʻadir budir, sirti yaltiroq. Aprel may oylarida gullab, mevasi iyunda yetiladi. Mevasi uch boʻlakli ko‘sak, ichida koʻplab urugʻlar joylashgan. Urug‘i va piyozchasi orqali koʻpayadi.

Tarqalishi va oʻsish sharoiti

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Kichik kichik toʻplar hosil qilib oʻsadi. Samarqand viloyati Omonqoʻton togʻlari hududida uchraydi. Tog‘larning pastki qismidagi kichik zarrali tuproqlarda va qoyalarda oʻsadi. Urug‘lari va piyozchalarining yigʻib olinishi sababli soni kamayib ketgan. Hozirda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Botanika bogʻida yetishtirilmoqda[2].

  1. „Juno magnifica“.
  2. O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobi I jild, 2019.