Barg parvonasi

Barg parvonasi

Barg parvonasi (Recurvaria nanella) — kapalaklar turkumi, barg oʻrovchilar oilasiga mansub hasharot. Kapalagining qanotlari yozilganda 9 mm, qanotlari kambar, oldingi va orqa qanotlarining uchi ostki qismida uzun tuklardan iborat popugi bor. Qurtining uz. 6 –8 mm, dugsimon ochiq pushti rangli. Gʻumbagi ochiq jigarrang , uz. 4 – 5 mm. Barg parvonasi daraxtlarning quruq poʻstlogʻi va xazon ostida choʻziq oq pilla ichida qurtlik davrida qishlaydi. Qishlab chiqqan qurtlar erta bahorda yozilayotgan kurtaklar va gullar bilan oziqlanadi. Barg parvonasi asosan olma, qisman nok, shaftoli, bodom, oʻrik va olxoʻri kabi daraxtlarga katta ziyon keltiradi. Qishlab chiqqan qurtlar may oyida barglarni yopishtirib yasagan uyasida yoki poʻstloq ostida oq, zich pilla oʻrab gʻumbakka aylanadi. May—iyunda kapalaklar uchib chiqib, barglarning ostki tomoniga barg tomirlari atrofiga 100 dan ortiq tuxum qoʻyadi. Yiliga bitta nasli rivojlanadi. Kurash choralari: daraxt tanasini qurigan va koʻchgan poʻstloqlardan tozalab, toʻplangan poʻstloqlar yoqib yuboriladi; kurtak boʻrta boshlaganda nitrafen, 60% hokazo. (40– 60 kg/ga) purkaladi; olma va nok gullashidan oldin benzofosfat, karate, karbofos, mitak yoki boshqa preparatlardan biri purkaladi.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil