Kassyola[1][2] (italyancha: cassœula) — Italiyaning shimolida, asosan, Lombardiyada mashhur taom. Odatda, qishda tayyorlanadi. U „kuchli, keskin“ taʼmga ega. Bu taom dirijyor Arturo Toskaninining sevimli taomi edi[3]. Yozuvchilardan biri uni „qadimiy Milanning muqaddas taomi“ deb ataydi va „ayniqsa, qish kunida jon bagʻishlaydigan taʼriflab boʻlmas lazzat“ haqida gapiradi[4].
Bir versiyaga koʻra, taomning kelib chiqishi avliyo Antoniy kunini nishonlash (17-yanvar) bilan bogʻliq. Bayram choʻchqa soʻyish paytining oxiriga toʻgʻri keladi[5][6]. Shuning uchun taomda, odatda, hayvon tanasining darhol isteʼmolga tayyor boʻlgan qismlarigina ishlatiladi. Goʻshtning eng yaxshi boʻlaklari taʼmi yaxshilanishi uchun bir muddat qoldiriladi.
Boshqa versiyaga koʻra, taomning paydo boʻlishi Ispaniya Milanni boshqargan XVI-asr voqealari bilan bogʻliq. Ushbu versiyaga koʻra, ispan armiyasi zobiti milanlik aslzoda oilaga ovqat pishirgan sevimli ayoliga retseptni aytib beradi. Oila aʼzolariga taom manzur boʻladi va ommalashib ketadi.
Ovqatga choʻchqa goʻshti odatda qovurgʻasi, terisi, boshi, quloqlari,[7][8] tumshugʻi va dumi kabi eng arzon qismlari, kolbasa[8], baʼzan tovuq yoki gʻoz goʻshti qoʻshiladi. Idish casserole deb ataladigan kastrulkada pishiriladi hamda piyoz, sabzi, selderey va qora murch ishlatiladi. Ovqat 3 soat davomida pishiriladi va pishirish tugashidan 30 daqiqa oldin karam solinadi.
Kassyola, odatda, polenta yoki kuchli qizil vino bilan dasturxonga tortiladi. Karami yumshoqroq va mazaliroq boʻlishi uchun sovitilgandan keyin taomni isteʼmol qilish anʼanasi bor.
Kassyolaning koʻplab variantlari uchraydi, lekin ularning barchasida karam bor. Masalan, Komo provinsiyasida choʻchqa kallasi ishlatiladi; Pavia provinsiyasida — qovurgʻasi; Novara provinsiyasida gʻoz qoʻshiladi.