Diane Hendricks | |
---|---|
Tavalludi |
Diane Marie Smith 2-mart 1947-yil |
Fuqaroligi | AQSh |
Kasbi | ABC Supply egasi va raisi |
Turmush oʻrtogʻi |
Ken Hendricks (turm. 1975; vaf. 2007) |
Bolalari | 7 |
Qarindoshlari | Skylar Simone (nabirasi)[1] |
Diane Marie Hendricks (talaffuzi: Diana Mari Xendriks; qizlik familiyasi: Smith; 1947-yil 2-martda tugʻilgan) – Viskonsin shtatidan boʻlgan amerikalik milliarder, tadbirkor ayol va kino prodyuseri[2]. U marhum biznesmen Ken Hendricksning bevasidir[2][3].
Hendricks AQShning Viskonsin shtatidagi Mondovi shahrida sutchilik bilan shugʻullanuvchi fermerlar oilasida tugʻilgan[4] va huddi shu shtatning Osseo shahrida katta boʻlgan[3][5]. U birinchi farzandini oʻn yetti yoshida tugʻadi va toʻlovlarini toʻlash uchun Playboy Bunny (Playboy klubida ichimlik tarqatuvchi ofitsiant) boʻlib ishlaydi[6]. Hendricks 1965-yilda Osseo-Fairchild yuqori maktabini tamomlagan. U Ken Hendricks bilan uchrashganida birinchi eri bilan ajrashganiga oʻn yil boʻlgan edi[7].
1975-yilda Hendricks buyurtma asosida qurilgan uylarni sotar edi, Ken esa tom yopuvchi ustaning oʻgʻli va yuqori maktabdagi oʻqishini tashlab ketgan yigit boʻlgan[5]. Ular turmush qurishadi va biznes sherik boʻlishdi. 1982-yilda juftlik kredit liniyalaridan kredit olish uchun foydalanganlar, bu ularga mamlakatdagi eng yirik ulgurji distribyutor boʻlgan ABC Supply kompaniyasiga asos solish[8] va uy-joy hamda tijorat binolari uchun tom, deraza, shu kabi boshqa qurilish anjomlari yetkazib berish imkonini berdi[7].
Hendricks Hendricks Holding kompaniyasiga egalik qiladi va ABC Supply kompaniyasining egasi hamda raisi hisoblanadi[2][9][10]. 2012-yil mart oyida Forbes uning boyligini 2.8 milliard[9] va 2021-yil avgustida 11.1 milliard AQSh dollari deb baholagan[11][3][12][13]. 2018-yilda Forbes Hendricksni „oʻz mehnati bilan milliarderga aylangan AQShning eng boy ayollaridan biri“ deb topdi[14].
Hendricks Eron qishlogʻidagi qatl haqida ishlangan „The Stoning of Soraya M“ (2008) filmi va „An American Carol“ (2008), „Snowmen“ (2010) kabi filmlarga prodyuserlik qilgan[10][15][16][17][18].
U Viskonsin gubernatori Scott Walkerning 2012-yilgi qayta saylanish kampaniyasiga qarshi 500 ming dollar xayriya qilgan va bu oʻsha yilgi uning eng katta donorligi boʻlgan[9]. Hendricks saylovlarda Paul Ryanni ham qoʻllab-quvvatlagan[10]. 2014-yilda u Koch Brothers tomonidan yaratilgan Republican Super PAC – Freedom Partners Action fondiga 1 million dollar xayriya qildi[19]. 2015– va 2016-yillarda Hendricks Freedom Partners Action fondiga 2 million dollar xayriya qilgan[20]. 2015-yilda u prezidentlikka nomzod Scott Walker bilan aloqador Siyosiy harakatlar qoʻmitasi (PAC)ga 5 million dollar berdi, shundan 4 million dollari oxir-oqibat oʻziga qaytarilgan[21].
2016-yilgi AQSh prezidentlik saylovlarida Hendricks demokrat nomzod Hillary Clintonga qarshi chiqqan va Viskonsin shtatidan AQSh respublikachi senatori Ron Johnsonni qoʻllab-quvvatlagan super PAC – Reform America jamgʻarmasiga 5 million dollardan ortiq mablagʻ ajratdi[22]. U Donald Trumpning prezidentlik kampaniyasida iqtisodiy maslahatchi boʻlib ishlagan[23][24].
Scott Pruitt 2018-yil iyul oyida isteʼfoga chiqishidan oldin Hendricks Scott Pruitt Legal Expenses Trustga 50,000 dollar xayriya qilgan[25].
Hendricks Donald Trumpning 2020-yilgi prezidentlik kampaniyasiga jami 1.1 million dollar hissa qoʻshgan[26].
U Gruziya vakili Marjorie Taylor Greene kampaniyasiga ham hissa qoʻshgan[27].
Hendricks 2023-yil holatiga koʻra Super PAC, Make America Great Again, Inc. jamgʻarmasiga 5,000,000 dollar hissa qoʻshgan[28].
Hendricks 2010-yildan 2014-yilgacha boʻlgan besh yillikning toʻrt yili uchun hech qanday davlat daromad soligʻini toʻlamagan[29].
Urban Milwaukee tomonidan olib borilgan tergov shuni koʻrsatdiki, Hendricksning Viskonsin shtatining Rok okrugidagi Rok shahrida joylashgan 8,500 kvadrat metrlik koʻp qavatli uyi 1,663 kvadrat metrlik rancho sifatida baholangan[30]. Urban Milwaukee tergovidan soʻng, Hendricks „xavfsizlik yuzasidan“ soliq inspektoriga mulkka kirishni rad etadi. U baholovchiga uy haqidagi maʼlumotlarni taqdim etishga rozi boʻlgach, mulkning bahosi 445,700 dollardan 1,205,500 dollarga oʻzgartirildi[31].
Hendricksning yetti farzandi bor va ular Viskonsin shtatidagi Afton shahrida yashaydi[2][3].