Diffuzor

Diffuzor — 1) quvur yoki kanalning havo, gaz yoki suyuqlik oqimi sekinlashadigan va bosimi oshadigan qismi. Havo oʻtkazish quvurlarida, gaz, neft tozalash va haydash uskunalarida, oʻlchash asboblarida diffuzor boʻladi. Avtomobil dvigatellari karbyuratorlarida diffuzor silindrlarga yuboriladigan yonilgʻi aralashmasining hosil boʻlish sharoitlarini (toʻla bugʻlanishi va changishini) yaxshilaydi, havo tezligini oshiradi; 2) elektrotexnikada — radiokarnay mexanik tebranuvchi tizimining bir qismi; havoda tovush toʻlqinlari hosil qilish uchun moʻljallangan; 3) fototexn ikada — kontrasti kamaytirilgan (yumshoq) rasmning fotografik tasvirini olish uchun moʻljallangan moslama; 4) alyuminiy olishda — maydalangan boksit boʻlaklari ishqor eritmasida ishlanadigan apparat. Odatda, 12—14 ta shunday apparatni ketma-ket biriktirib, batareya hosil qilinadi. Batareyaning bir tomonidan issiq suv berilib, ikkinchi uchidan konsentrlangan natriy alyuminat eritmasi olinadi.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil.