Islom dinining bir boʻlimi Ismoiliylar |
---|
Islom portal |
Abul Qosim al-Hasan ibn Faraj ibn Havshab ibn Zadon an-Najjor al-Kufiy ((arabcha: أبو القاسم الحسن ابن فرج بن حوشب زاذان النجار الكوفي); 914-yil 31-dekabrda vafot etgan), oddiygina Ibn Havshab ismi bilan yoki Mansur al-Yaman laqabi bilan mashhur. Kufa atrofidagi asosiy ismoiliy missionerlardan biri boʻlgan. Ali ibn al-Fadl al-Jayshoniy bilan hamkorlikda Yamanda ismoiliy aqidasini oʻrnatgan va 890-900-yillarda bu mamlakatning katta qismini ismoiliy imom Abdulloh al-Mahdiy nomi bilan bosib olgan. Al-Mahdiy 909-yilda Ifriqiyada oʻzini oshkora eʼlon qilib, Fotimiylar xalifaligini oʻrnatgach, Ibn al-Fadl unga qarshi chiqadi va Ibn Havshabni oʻziga boʻysundirishga urinadi. Ibn Havshabning hayoti uning yozgan avtobiografiyasidan maʼlum boʻlsa, keyinchalik Ismoiliy anʼanalariga koʻra, ikkita ilohiy risola unga bagʻishlangan.
Ibn Havshab Iroq janubidagi Kufa atrofidagi Nahr Nars kanali yaqinida joylashgan qishloqda tugʻilgan[1][2]. Keyinchalik ismoiliy urf-odatlari uni Muslim ibn Aqil ibn Abu Tolibning (Ali ibn Abu Tolibning jiyani) avlodi deb hisoblagan boʻlsa-da, uning kelib chiqishi haqida maʼlumotlar yetarlicha emas[1].
Manbalarda uning kasbi turlicha boʻlib, uni zigʻir toʻquvchi yoki duradgor sifatida tariflashgan[2]. U oʻn ikki shialik tarafdori boʻlgan oiladan edi. Oʻzining yozgan maʼlumotlariga koʻra, U 874-yilda oʻn birinchi imom Hasan al-Askariyning vafotidan soʻng, erkak zurriyoti qolmagani tufayli, imon inqirozini boshdan kechirgan[2]. Oxir-oqibat, oʻn ikkilar al-Askariyning goʻdak oʻgʻliga oʻn ikkinchi va yashirin imom („Oʻn ikkilar“ nomi shundan kelib chiqqan)martabasini berishgan[3], u bir kun kelib islom esxatologiyasining masihiy shaxsi mahdī boʻlib qaytishiga ishonishgan. Afsonaga koʻra, u abbosiy xalifalarini agʻdarib tashlab, ularning poytaxti Bagʻdodni vayron qiladi, musulmonlar birligini tiklaydi. Konstantinopolni zabt etish, Islomning yakuniy gʻalabasini taʼminlash, tinchlik va adolat hukmronligini oʻrnatish borasida muhim ishlarni amalga oshiradi[4]. Biroq, bu eʼtiqod Hasan al-Askariy vafotidan keyingi dastlabki yillarda hali mustahkam oʻrnatilmagan edi. Ibn Havshab singari, koʻplab shialar ham oʻn ikkinchi imom haqidagi daʼvolarga shubha bilan qaragan va bu rahbariyatining siyosiy zaiflig hamda sustkashligi tufayli ruhiy tushkunlikka tushishgan[5][6][7].