Ibrohim ibn Solih إبراهيم بن صالح | |
---|---|
Misr noibi | |
Mansab davri 781 – 784 (birinchi muddat) | |
Monarx | Al-Mahdiy |
Oʻtmishdoshi | Salim ibn Savadah at-Tamimiy |
Vorisi | Musa ibn Musʼab al-Xasamiy |
Shom noibi | |
Mansab davri 780-yillar – tax. 786 | |
Monarx |
Al-Mahdiy Al-Hodiy |
Vorisi | Muhammad ibn Ibrohim al-Imom[1] |
Jazira va Kipr noibi | |
Mansab davri 785 – 786 | |
Monarx | Al-Hodiy |
Shom noibi | |
Mansab davri 788 – 791 | |
Monarx | Horun ar-Rashid |
Oʻtmishdoshi | Muhammad ibn Ibrohim al-Imom[1] |
Vorisi | Musa ibn Isa ibn Musa al-Hoshimiy |
Misr noibi | |
Mansab davri 792 – 792 (ikkinchi muddat) | |
Monarx | Horun ar-Rashid |
Oʻtmishdoshi | Musa ibn Isa al-Hoshimiy |
Vorisi | Abdulloh ibn al-Musayyab ad-Dabbiy |
Shaxsiy maʼlumotlari | |
Vafoti |
tax. 792 Misr, Abbosiylar xalifaligi |
Turmush oʻrtogʻi | Abbosa bint al-Mahdiy |
Munosabatlari | Abbosiylar sulolasi |
Otasi | Solih ibn Ali |
Qarindoshlari |
Al-Fadl (ukasi) Ismoil (ukasi) Abdulmalik (ukasi) |
Ibrohim ibn Solih ibn Ali al-Hoshimiy (arabcha: إبراهيم بن صالح بن علي الهاشمي; 792-yilda vafot etgan) Banu Abbos aʼzosi. Sakkizinchi asr oxirida Suriya va Misr noibi lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Ibrohim Abbosiylar inqilobi davrida Suriya va Misrni zabt etishda ishtirok etgan hamda keyinchalik har ikkala hudud noibi bo‘lgan harbiy qo‘mondon Solih ibn Alining o‘g‘li edi[2]. Banu Abbos oilasining a’zosi boʻlgan Ibrohim Abbosiylar sulolasining dastlabki ikki xalifasi as-Saffoh (h. 750–754) va al-Mansur (h. 754–775) bilan amakivachcha edi. Bundan tashqari, uchinchi xalifa al-Mahdiyning (h. 775–785) qizi Abbosaga uylangani tufayli uning kuyovi ham edi[3].
781-yilda al-Mahdiy Ibrohimni Misr noibi etib tayinlab, unga viloyatdagi harbiy hamda moliyaviy ishlar ustidan vakolat berdi. Uning boshqaruvi davrida Umaviylar sulolasidan bo‘lgan Abdulaziz ibn Marvonning avlodi Dihya ibn Mus’ab Yuqori Misrda soliqlarga qarshi isyon ko‘tarib, o‘zini xalifa deb e’lon qildi. Ibrohim, chamasi, bu voqeaga loqaydlik bilan yondashgan. Qisqa vaqt ichida Yuqori Misr hududining katta qismi Dihyaning nazorati ostiga o‘tdi. Qo‘zg‘olonni bostira olmaganidan g‘azablangan al-Mahdiy 784-yilda lavozimidan chetlashtirdi. Yordamchilari esa Bag‘dodga qaytishidan avval keyingi noib Muso ibn Mus’ab al-Xasamiyga 300 000 dinor miqdorda jarima to‘lashga majbur bo‘lishdi[4].
780-yillarda Ibrohim otasining Suriya hududidagi avvalgi ta’sir doirasidagi bir nechta hududda noiblik lavozimlarini egallagan. Ibrohim 780-yildayoq Falastin noibi sifatida tilga olingan bo‘lib[5], al-Mahdiy hukmronligining oxiriga kelganda Damashq va Iordan viloyatlarini boshqargan. Al-Hodiy hukmronligi davrida (h. 785–786) lavozimlarini saqlab qolgan holda, qo‘shimcha ravishda Kipr va Jazira ham in’om etildi. Horun ar-Rashid taxtga o‘tirgach, o‘z lavozimlarini yo‘qotdi. Biroq, 788-yilda Damashq noibligi vazifasiga qayta tayinlandi[6].
Ibrohim Damashqda noibligi davrida mintaqadagi Qays va Yaman qabilalari o‘rtasida kelib chiqqan shafqatsiz to‘qnashuvni bartaraf etishga majbur bo‘ldi. Oxir-oqibat 791-yilda ikki guruh o‘rtasida kelishuvga erishishga muvaffaq bo‘ldi. Shundan so‘ng, Iroqqa xalifa bilan uchrashish uchun borayotgan suriyalik ashraf guruhiga rahbarlik qildi. Biroq, barcha urinishlarga qaramay, urush harakatlarining to‘xtatilishi uzoqqa cho‘zilmadi. Ibrohim viloyatni tark etganidan koʻp oʻtmay Abu al-Hayzam boshchiligidagi isyon alangalanib ketdi[7].
Ibrohim ikkinchi marotaba Misr noibligiga tayinlanganidan koʻp oʻtmay, 792-yilda vafot etdi[8].