Jaloyirlar

Jaloyirlar (Jaloirlar) — turkiy xalqlardan va oʻzbek urugʻlaridan biri. Rashiduddining yozishiga koʻra, jaloyirlar XII asrda Onon va Kerulen daryolari boʻyida yashashgan.

Ular 10 boʻlakka (qabilaga) boʻlingan, har bir qabilaning oʻz sarkardasi (qabila boshligʻi) boʻlgan. Jaloyirlarning katta bir qismi kidonlar bilan boʻlgan urushda yengilgach, Chingizxon ajdodlariga tobe boʻlgan. Chingizxon hukmronligi davrida, jaloyirlardan bir qancha eʼtiborli beklar va lashkarboshilar yetishib chiqqan. XII asrning oxiri va XIII asrning boshlarida jaloyirlarning katta qismi Yettisuv va Movarounnahrning ayrim viloyatlariga (Ohangaron vodiysi va Xoʻjand tumaniga) koʻchib kelib oʻrnashgan. 1370-yilda Amir Temur bu guruhni oʻziga tobe etadi, ammo jaloyirlar tez-tez qoʻzgʻolon koʻtarib turishgan. 1376-yildagi qoʻzgʻolon bostirilgach, ular bir qancha guruhlarga ajratilib, bir boʻlagi Toshkent vohasida qoldirilgan, qolganlari Movarounnahrning bir qancha tumanlariga (asosan, Zarafshon boʻylariga) koʻchirilgan. Shu tarzda Amir Temur jaloyirlarning Ohangaron va Xoʻjand ulusini tarqatib yuboradi. Oʻzbekistonda jaloyir nomi bilan bogʻliq qishloqlar bor.

XIII asr davomida jaloyirlarning katta bir guruhi Ozarbayjon va Iroqqa koʻchib Jaloyiriylar davlatini barpo etganlar.

Markaziy Osiyoda yashovchi jaloyirlar keyinchalik oʻzbek, qozoq, qoraqalpoq va qirgʻiz millatlari tarkibiga kirgan. Qozoqlar tarkibidagi jaloyirlar yirik urugʻlarga boʻlingan: sirmonoq, oriqtinim, boychegir, qaychili, sigirchi, bolgʻali, kuchuk, qorachopon, andas, qalps, mirza, oʻroqli, oqboʻyim. Qirgʻizlar tarkibida jaloyirlarning kuchuk, mingʻitay, supatay urugʻlari boʻlgan. Oʻzbeklar tarkibida jaloyirlarning ikki yirik qaychili va bolgʻali urugʻlari hamda bir qancha urugʻ boʻlinmalari boʻlgan (qargʻali, boshqird, qaroabudal, qorakoʻli, qorachopon, chuvuldoq, jastaban va boshqalar).[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil