Neshot Isfahoniy — Eron shoiri, davlat arbobi. U qamariy 1175-yili Isfahonda tugʻilgan. Uning bobosi Abdulvahob Isfahon hukumatiga rahbarlik qilib, farzandlariga koʻp boylik qoldirgan. Neshot ona tilidan tashqari arab va turk tillarini ham oʻrgangan. Hatto xattotlik boʻyicha oʻz davrining yetakchisiga aylangan. Fors sheʼriyati, adabiyoti va oʻz davrining din, matematika, ilohiy hikmat va mantiq haqidagi bilimlarni ham egallagan.
Neshot Fath Ali Shoh Qojarning vaziri boʻlgan. U shekaste xat turida yozishga juda usta boʻlgan. „Moʻtamed xazinasi“ undan qolgan asarlardan biridir. Uning nasl-nasabi Shoh Abbosning maxsus tabibi Hakim Salmonga borib taqaladi.
Neshot „Adabiy qaytish“ maktabining jiddiy tarafdorlaridan boʻlgan. Isfahon bu harakatning markazi, sheʼriyat va adabiyotning tirilishi sifatida tanilgan davrda uning uyi yozuvchi va olimlarning yigʻilish joyi boʻlgan. U yerda haftada bir marta yigʻilib suhbatlashishardi. Neshot va uning hamrohlari oʻtmish uslubida sheʼr yozib, fors adabiyotining eski anʼanalarini qayta tiklaganlar.
Neshot hijriy 1218-yilda 48 yoshida Tehronga hijrat qilib, Fath Alishoh saroyiga kirib, unga „Moʻtamid ud-davla“ unvoni berilgan. Oradan vaqt oʻtgach devonxonaga rahbar qilib tayinlangan. Bu mansabga erishgandan soʻng, Neshot hamma joyda shoh bilan birga edi. U hijriy 1236-yili zulhijja oyida Fath Alishoh buyrugʻi bilan Eronning birinchi tashqi ishlar vaziri etib tayinlangan. Podshohning aksariyat farmonlari va shaxsiy maktublari hamda podshod oila aʼzolarining shartnoma va vasiyatnomalari uning qoʻlyozmasi va imzosi bilan yozilgan. U hijriy 1240-yilgacha shu lavozimda ishlagan. Neshot bir marta podshohning vazirlik delegatsiyasi tarkibida Parijga borib, Napoleon I bilan ham uchrashgan[1].