Nikolay Lomakin | |
---|---|
Asl ismi | ruscha: Никола́й Па́влович Лома́кин |
Tavalludi |
1830-yil 12-fevral Boku |
Vafoti |
1902-yil 27-fevral Tiflis |
Qoʻshin turlari | piyoda qo'shinlar |
Xizmatdagi yillari | 1848—1897 |
Unvoni | piyoda qo'shinlar generali |
Qoʻmondonlik qilgan |
Mang'ishloq otryadi, Krasnovodsk otryadi, 24-mahalliy brigada, 19-piyoda diviziyasi, 12-armiya korpusi |
Jang/urush |
Kavkaz urushi, Turkiston yurishlari, Xiva yurishi (1873) |
Isteʼfoda | 1897-yildan |
Nikolay Pavlovich Lomakin (1830—1902) – rus lashkarboshisi, piyoda qoʻshinlari generali, Turkiston yurishlari ishtirokchisi.
Nikolay Pavlovich Lomakin 1830-yil 31-yanvarda Boku shahrida tugʻilgan. Polotsk kadet korpusi va zodagonlar polkida taʼlim olgan. 1848-yil 13-iyunda praporshik unvonini olgan va 19-artilleriya brigadasiga xizmatga tayinlangan[1]. 1850—1863-yillarda Kavkaz urushida sharaf bilan qatnashgan: 1855-yil 18-yanvardan 1858-yil 13-fevralgacha 20-artilleriya brigadasi shtab-kvartirasining adyutanti (1851-yil 13-fevraldan – ikkinchi leytenant, 1853-yil 31-martdan – leytenant, 1858-yil 26-avgustdan – shtab kapitani, 1861-yil 9-martdan – kapitan), keyin 1861-yil 14-avgustdan Dogʻiston viloyati qoʻshinlari qoʻmondoni bilan maxsus topshiriqda boʻlgan va 1870-yil 26-maydan Mangʻishloq otryadining boshligʻi. 1865-yildan – podpolkovnik, 1870-yildan – polkovnik.
1873-yildagi Xiva yurishida Lomakin Mangʻishloq otryadiga qoʻmondonlik qilgan va xizmatlari uchun general-mayor unvoni, „Jasorati uchun“ yozuvi boʻlgan oltin qilichni olgan va 3-daraja qilich bilan birgalikdagi Avliyo Vladimir ordeni, 2-darajali qilich va yulduz bilan birgalikdagi Qizil burgut, Forsning 1-darajali Arslon va Quyosh ordenlari bilan taqdirlangan. 1874-yildan – Kaspiyorti harbiy boshqarmasi boshligʻi va Krasnovodsk otryadining qoʻmondoni[2] , 1876-yilda 1-darajali Avliyo Stanislav ordeni bilan taqdirlangan.
1879-yilda general I. D. Lazarev vafotidan keyin N. P. Lomakin Ahal-Teke ekspeditsiyaga mas’ul etib tayinlangan, ammo uning Goʻktepega qilgan hujumi muvaffaqiyatsizlikka uchragach va ogʻir yoʻqotishlar bilan chekinganidan soʻng, ekspeditsiya qoʻmondonligini general Tergukasovga topshirgan[3].
1881-yilda Tiflis guberniyasi harbiy qoʻmondoni etib tayinlangan va uch yildan keyin – 1884-yildan 24-mahalliy brigadaning boshligʻi; 1882-yilda 1-darajali Avliyo Anna, 1885-yilda – 2-darajali Avliyo Vladimir ordenlari bilan taqdirlangan. 1886-yil 30-avgustda Lomakin general-leytenant unvonini olgan va 1887-yil 22-dekabrda unga 19-piyoda diviziyasi qoʻmondonligi topshirilgan. 1890—1897-yillarda vaqtincha 12-korpusga qoʻmondonlik qilgan. 1897-yil 16-iyunda Lomakin nafaqaga chiqib, piyoda qoʻshinlar generali unvonini olgan[4] va oʻzini ijtimoiy faoliyatga bagʻishlagan.
Nikolay Pavlovich Lomakin 1902-yil 14-fevralda Tiflisda vafot etgan.