Olga Gorbunova | |
---|---|
![]() | |
Shaxsiy maʼlumotlari | |
Tavalludi |
7-may 1981-yil Belorussiya SSR, SSRI |
Fuqaroligi |
![]() |
Millati | belarus |
Kasbi | siyosatchi, ayollar huquqlari himoyachisi |
Olga Aleksandrovna Gorbunova (belaruscha: Вольга Аляксандраўна Гарбунова) — belaruslik faol, feminist, zoʻravonlik qurbonlari va zaif ijtimoiy guruhlar vakillarining huquqlari uchun kurashuvchi sobiq siyosiy mahkum. Gorbunova — Belarusning ijtimoiy siyosat boʻyicha qoʻshma oʻtish vazirlar mahkamasi aʼzosi, „Radislava“ jamoat tashkilotining sobiq rahbari.
2003-yilda psixologiya boʻyicha tahsil olgan Olga „Radislava“ nodavlat notijorat tashkilotining ishonch telefoni koʻngilli operatori sifatida faoliyatini boshlagan. Keyinchalik Olga tashkilot rahbari lavozimiga koʻtarilgan[1].
Olga Gorbunova „Radislava“ jamoasi bilan birgalikda Belorussiyada oilaviy zoʻravonlikning oldini olish boʻyicha maxsus qonunning qabul qilinishini himoya qilgan. 2018-yilda „Respublika“ jurnaliga bergan intervyusida Olga Gorbunova bu haqda quyidagilarni aytdi:
Oilaviy zoʻravonlik bilan bogʻliq ishlar jamoat xarakteriga ega boʻlishi kerak, shunda jamiyat ham, davlat ham prokuror vakili boʻlishi lozim. Yangi qonun universal boʻlishi va yoshi, jinsi, yashash joyi yoki ayrim kasalliklarning mavjudligidan qatʼi nazar, u oiladagi zoʻravonlik qurbonini himoya qilishi zarur. Bundan tashqari, hujjat haqiqiy koʻmak beruvchi choralardan iborat boʻlishi lozim[2].
Biroq, Ichki ishlar vazirligi tomonidan tayyorlangan „Maishiy zoʻravonlikka qarshi kurash toʻgʻrisida“ gi qonun loyihasining konsepsiyasi Aleksandr Lukashenkoning qattiq tanqidiga uchradgan va qonun ustida ishlash toʻxtatilgan[3].
2016-yilda Olga va unga hamfikr ayollar 2012-yilda boshlangan xalqaro kampaniya doirasida Belarusda birinchi marta „One Billion Rising“ fleshmobini tashkil qilishgan. Shunday qilib, fleshmob davomida ayollarga nisbatan zoʻravonlikka qarshi boʻlgan odamlar butun dunyo boʻylab 14-fevral Sevishganlar kunida raqsga tushishadi. Bu bilan ayollar muammo boʻyicha hamjihatlik va birdamlik hissini bildiradilar[4]. 2018-yilda Olga zoʻravonlikka uchragan qizlar va ayollar oʻqishi hamda ish topishi mumkin boʻlgan NORM ijtimoiy kafesini tashkil etishini eʼlon qilgan. Keyinchalik moliyaviy qiyinchiliklar va xavfsizlik muammolari tufayli loyiha toʻxtatilgan[5].
2022-yil 26-dekabrda Olga Gorbunova Belarus qoʻshma oʻtish vazirlar mahkamasining ijtimoiy siyosat boʻyicha vakili etib tayinlangan[6].
2023-yil 29-iyulda Olga tashabbusi bilan Belarus ommaviy axborot vositalari „Biz gʻamxoʻrlik qilamiz!“ (belaruscha: Нам не ўсё адно!) birdamlik marafoni tashkil etilgan. Marafondan koʻzlangan maqsad belaruslik siyosiy mahbuslar va ularning oila aʼzolari uchun mablagʻ toʻplash boʻlgan. Marafon mobaynida 574 ming yevrodan ortiq mablagʻ yigʻilgan.
2023-yil 30-oktabrda Olga Gorbunova boshchiligidagi ijtimoiy siyosat delegatsiyasi „Yagona darcha“ axborot-maslahat xizmatini ishga tushirgan, u yerda belaruslar bepul yuridik, tibbiy, psixologik va moliyaviy yordam soʻrovlarini yuborishlari mumkin[7].
2020-yil sentabrida Gorbunova 9-avgust kuni Belarusda boʻlib oʻtgan prezidentlik saylovlaridan keyin Minskda boʻlib oʻtgan norozilik namoyishlarida bir necha bor hibsga olingan. 19-sentyabr kuni Olga politsiya boʻlimidan ozod qilingan. 26-sentabr kuni u yana hibsga olingan va sudgacha tergov izolyatorlarida saqlangan. 28-sentabr kuni unga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 23.34-moddasi („Yigʻilish, miting, koʻcha yurishi, namoyish, piket yoki boshqa ommaviy tadbirlar oʻtkazishning belgilangan tartibini buzish“) bilan 20 asosiy birlik miqdorida jarima solingan[5].
2021-yil 9-noyabrda Gorbunova Belarus Respublikasi Jinoyat kodeksining 342-moddasi („Tashkil etish yoki faol ishtirok etish“) ni buzganlikda ayblanib, Minsk shahar ijroiya qoʻmitasining markaziy ichki ishlar boshqarmasi („Akrestina“ nomi bilan mashhur) tomonidan vaqtincha hibsga olingan[8]. Olga Aleksandrovna bu yerdagi hibs va kamera sharoitlariga norozilik bildirib, deyarli ikki hafta davomida ochlik eʼlon qilgan[9]. U tergov izolyatori maʼmuriyati uni matras, kerakli dori-darmonlar bilan taʼminlab, posilka olish taqiqini olib tashlagach, ochlik eʼlon qilishni toʻxtatgan[10].
2022-yil 5-may kuni Sovetskiy tuman sudida ish boʻyicha sud muhokamasi boshlangan. 6 may kuni sud Olga Gorbunovani Jinoyat kodeksining 1-qismida koʻrsatilgan jamoat tartibini qoʻpol ravishda buzuvchi harakatlarni tashkil etish va tayyorlashda aybdor deb topgan[11]. Jinoyat kodeksining 342-moddasiga koʻra, uch yil muddatga ochiq muassasaga yuborilmasdan ozodlikni cheklash bilan jazolangan. Faol sud zalida hibsdan ozod qilingan.
2022-yil avgust oyida Olga Gorbunova Belarusni tark etgan[12].
2022-yil 4-noyabrda Belarus Ichki ishlar vazirligi Olga Gorbunovani „Ekstremistik faoliyatda ishtirok etgan shaxslar roʻyxati“ga kiritgan.
2018-yilda „Imena“ jurnaliga bergan intervyusida Olga oiladagi zoʻravonlik mavzusi shaxsan unga taʼsir qilganini aytib oʻtgan[13].
2022-yilda Gorbunova xavf ostida boʻlgan huquq himoyachilari uchun moʻljallangan „Front Line Defenders“ mukofoti bilan taqdirlagan. Gorbunova 2022-yil 27-maydagi soʻnggi taqdirlash marosimida Belarusda yashaganligi sababli, mukofot eʼlon qilinishi xavfsizlik nuqtai nazaridan 2022-yil dekabrigacha qoldirilgan. 9-dekabr kuni Vilnyusda mukofotning rasmiy taqdimoti boʻlib oʻtgan. „Front Line Defenders“ mukofotini topshirgan jamgʻarma rasmiysi Andrew Andersonning aytishicha, Gorbunova bu mukofotni Belarusda ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish uchun olib borgan kurashi natijasida qoʻlga kiritgan[14].
2021-yil mart oyida Minskda „WOMAN“ filmi (rejissyor Anastasiya Mikova va Yann Artus-Bertran) chiqadi. Filmni suratga olishda 6 nafar belaruslik ayol, jumladan Olga Gorbunova ishtirok etgan[15]. Bu haqda „Euroradio“ internet portaliga gapirib, Olga Aleksandrovna ayollar huquqlarini himoya qilish boʻyicha bunday loyihalarning muhimligini taʼkidlagan[15].