Papu de anju yoki papu-de-anjou (portugalcha: papo de anjo, “farishta qorni“ yoki “farishtaning qoʻsh iyagi“[1]) — tuxum sarigʻi hamda shakar siropidan tayyorlanadigan anʼanaviy portugal shirinligi[2]. Ushbu desert Braziliyada ham keng isteʼmol qilinadi.
Portugaliyaning tuxum sarigʻi negizida tayyorlanadigan Fios de ovos va boshqa klassik shirinliklari singari, papu de anjou XIV—XV asrlarda portugaliyalik rohibalar tomonidan yaratilgan, deb taxmin qilinadi. Ibodatxonalarda tuxum oqi kiyimlarni „kraxmallash“ uchun ishlatilgani sababli tuxum sariqlarining koʻp miqdorda toʻplanishiga olib kelgan.
Aksar retseptlarga koʻra, tuxum sarigʻi hajmi ikki baravar koʻpayguncha uriladi. Baʼzi bir retseptlarda esa, tuxum oqidan ham foydalaniladi (har 10 ta tuxum sarigʻi uchun 1-2 ta tuxum oqi qoʻshiladi), tuxum oqlari qattiq holga kelguncha koʻpirtirib olinib, soʻngra ehtiyotkorona tarzda urilgan tuxum sarigʻiga qoʻshiladi. Urilgan tuxum sariqlari yogʻlangan muffin qoliplariga (har biriga yarim osh qoshiqdan) solinadi va sal qotguncha pishiriladi. Eʼtibor berish zarur jihati shundaki, masalliq tashqarisi qattiq pishib ketmasligi kerak. Soʻngra, ular rom, vanil yoki apelsin qobigʻi qoʻshib xushboʻy qilingan shakar siropida ozgina qaynatib olinadi[3][4][5].