Qirollik Islom strategik tadqiqotlar markazi

Qirollik Islom strategik tadqiqotlar markazi- Iordaniya Qirollik Islom tafakkuri instituti qoshidagi mustaqil tashkilot boʻlib, 2007-yilda tashkil etilgan. Qirollik Islom tafakkuri instituti Iordaniya Hoshimiylar Qirolligining poytaxti Amman shahrida joylashgan xalqaro islomiy nodavlat, mustaqil institutdir. Markazning maqsadi – anʼanaviy islom taʼlimotini 2004-yil 9-noyabrda Iordaniya qiroli Abdulloh II bin al-Husayn tomonidan eʼlon qilingan, musulmon dunyosini bagʻrikenglik va birdamlikka chaqiruvchi „Ammon deklaratsiyasi[1]da belgilangan tamoyillar boʻyicha himoya qilish, asrash va targʻib qilishdan iborat. Markaz islom dunyosidagi tendensiyalar, muhim voqea-hodisalar hamda nufuzli musulmonlar faoliyatini kuzatib boradi. Islom dunyosida paydo boʻlayotgan muammo va nizolarni hal qilish borasida oʻz takliflarini taqdim etadi. Shuningdek, markaz dunyodagi barcha dinlar, diniy tashkilotlar, diniy oqimlar oʻrtasidagi jarayon va hodisalarni, xususan boshqa dinlarning islom hamda musulmonlarga boʻlgan munosabatini oʻrganish bilan shugʻullanadi. Hozirda markazga doktor Mustafo Alqabboniy rahbarlik qilmoqda. Markaz direktori Qirollik Islom tafakkuri instituti Vasiylik kengashi tomonidan tayinlanadi. Markazning eng muhim loyihalaridan biri „Dunyoning eng nufuzli 500 musulmoni“ yillik reyting jurnali[2][3] hisoblanadi. Mazkur jurnal Abdulloh Shlifer rahbarligi ostida 2009-yildan beri anʼanaviy tarzda har yili nashr qilib kelinadi. Jurnal AQSHda joylashgan Jorjtaun universiteti huzuridagi shahzoda Valid ibn Talol markazi bilan hamkorlikda kitob shaklida nashr etiladi. Mazkur reytingni tuzishdan koʻzlangan asosiy maqsad musulmon olamidagi davlat, fan, sanʼat, madaniyat va din arboblarining jahon siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotiga koʻrsatayotgan taʼsirini baholashdan iborat.

  1. „The Amman Message“.
  2. Sacirbey, Omar. „U.S. dominates list of world's '500 Most Influential Muslims'“. Washington Post (28-noyabr 2012-yil). Qaraldi: 11-may 2015-yil.
  3. Sacirbey, Omar. „World's '500 Most Influential Muslims' 2012 Dominated By U.S.“. Huffington Post (29-noyabr 2012-yil). Qaraldi: 11-may 2015-yil.