Safina Saʼdullayeva | |
---|---|
![]() | |
Shaxsiy maʼlumotlari | |
Fuqaroligi |
![]() |
Tavallud sanasi |
4-mart 1998-yil Oʻzbekiston |
Sport | |
Qaysi sport | yengil atletika |
Medallar | |
![]() ![]() |
Safina Erkinovna Saʼdullayeva (1998-yil 4-mart, Oʻzbekiston) – oʻzbekistonlik yengil atletikachi, balandlikka sakrash boʻyicha bahslarda ishtirok etadi, Oʻzbekistonning xalqaro toifadagi sport ustasi. 2015-yilda 18 yoshgacha boʻlgan oʻgʻil-qizlar oʻrtasidagi Osiyo chempionatida oltin medalni qoʻlga kiritgan. 2017-yilgi Yopiq inshootlardagi Osiyo oʻyinlarida kumush medal sohibasiga aylangan.
Sadullayeva Safina Erkinovna 1998-yil 4-mart kuni Sirdaryo viloyatida dunyoga kelgan[1].
Safina Saʼdullayeva murabbiy Ruzaliya Shavkatovna Zyangurova qoʻl ostida yengil atletika bilan shugʻullana boshladi[2]. 2015-yilda Doʻhada (Qatar) 18 yoshgacha boʻlgan oʻgʻil-qizlar oʻrtasida oʻtkazilgan Osiyo chempionatida 1,71 m natija bilan oltin medalni qoʻlga kiritdi[3].
2017-yilda Ashxobodda (Turkmaniston) yopiq inshootlardagi Osiyo oʻyinlarida 1,83 m natija bilan ikkinchi oʻrinni egallagan boʻlsa, oʻsha yili Olmaotada (Qozogʻiston) Gusman Kosanov xotirasiga bagʻishlangan xalqaro turnirda 1,85 m natija bilan ikkinchi oʻrinni egalladi[4].
2018-yildan Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan murabbiy Alim Ochilovich Axmedjanov qoʻl ostida mashgʻulot oʻtkaza boshladi. Oʻsha yili Tehronda (Eron) yopiq inshootlardagi Osiyo chempionatida ishtirok etadi, ammo 1,75 m natija bilan atigi toʻrtinchi oʻrinni egallaydi[2].
2019-yilda Oʻskemenda (Qozogʻiston) Olga Ripakova sovrinlari uchun oʻtkazilgan xalqaro turnirda u shaxsiy rekordi 1,92 m bilan birinchi oʻrinni egalladi[5].
2021-yil 28-may kuni Toshkent shahrida yengil atletika boʻyicha oʻtkazilgan Oʻzbekiston ochiq chempionatida Safina Saʼdullaeva balandlikka sakrashda 1,96 m natija bilan gʻolib boʻldi va Tokiodagi (Yaponiya) yozgi Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etish uchun litsenziyani qoʻlga kiritdi [6][7]. 2021-yil 30-iyun kuni Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Safina Saʼdullaevani „Shuhrat“ medali bilan taqdirladi[8].
XXXII Yozgi Olimpiya oʻyinlarining saralash bosqichida u 1,95 m balandlikni zabt etishga muvaffaq boʻldi va shu tariqa turnir finaliga chiqdi[9]. Finalda ikkinchi urinishda 1,96 m natijani qayd etdi, biroq uchinchi urinishda 1,98 m balandlikni zabt eta olmadi va 6-oʻrinni egalladi[10].
2021-yilda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning farmoni bilan Olimpiya harakatini rivojlantirishga qoʻshgan ulkan hissasi uchun „Kelajak bunyodkori“ medali bilan taqdirlangan[11].
Safina Saʼdullayeva 2022-yilda Belgradda oʻtkazilgan yopiq inshootlardagi jahon chempionatida 1, 92 m natija bilan oltinchi oʻrinni egalladi.
Oregondagi 2022-yilgi jahon chempionatida shaxsiy rekordini (196 sm) takrorlab, beshinchi oʻrinni egalladi. Saʼdullayeva barcha osiyolik balandlikka sakrovchi atletlar orasida eng yaxshi natijaga erishdi[12].
2022-yilda Fransiyada oʻtkazilgan „Meeting international dʻathlétisme de Montreuil“ turnirining balandlikka sakrash dasturida 1,86 metr natija bilan ikkinchi oʻrinni egalladi va kumush medalini qoʻlga kiritdi[13].
2022-yilda Chexiyaning Brno shahrida yengil atletika boʻyicha „Ročník Brněnské Laťky Olympie“ xalqaro musobaqasida1.91 m natija bilan uchinchi oʻrinni egalladi[14].
2022-yil Polshada “Brilliant liga”da oltin medalni qo'lga kiritib, mazkur nufuzdagi turnirda g'alaba qozongan ilk o'zbekistonlik atletga aylangan[1].
2022-yilda Vengriyaning Budapesht shahrida yengil atletika boʻyicha Gran-pri turnirida 1,98 metr balandlikni zabt etib, Ukraina vakilidan o'zib ketdi va oltin medalni qo'lga kiritdi[15].
Safina Saʼdullayeva 2024-yilning 2-avgust kuni Parijdagi Yozgi Olimpiada oʻyinlarida V guruhida 1.95 metr natija qayd etib, final yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi[16][17]. Finalda uchinchi urinishda 1,95 m natijani qayd etdi, biroq uchinchi urinishda 1,98 m balandlikni zabt eta olmadi va 7-oʻrinni egalladi[18].