Stella Skopal | |
---|---|
Tavalludi |
18-iyul 1904-yil Zagreb, Xorvatiya-Slavoniya Qirolligi, [[
Avstriya-Vengriya imperiyasi|Avstriya Vengriya]] |
Vafoti |
24-dekabr 1992-yil (88 yoshda) Zagreb, Xorvatiya |
Fuqaroligi | Xorvatiya |
Kasbi | haykaltarosh |
Stella Skopal (1904-yil 18-iyul – 1992-yil 24-dekabr) – xorvatiyalik yahudiy haykaltarosh ayol[1].
Stella Skopal 1904-yil 18-iyulda Xorvatiyaning poytaxti Zagreb shahrida tugʻilgan. 1924-yildan 1928-yilgacha u Zagrebdagi Qirollik sanʼat va hunarmandchilik akademiyasida oʻqigan, u yerda Hinko Yuhn, Ivo Kerdić, Frano Kršinić va boshqa koʻplab mashxur haykaltaroshlardan dars olgan. 1929-yilda Stella Skopal Vena shahrida, keyinroq, 1933-yildan 1934-yilgacha Gerta Buxerning xususiy maktabida taʼlim olgan. Stella Skopal 1927-yilda oʻzining professori Hinko Yuhnning sanʼat yoʻnalishi boʻyicha modellashtirilgan er-xotinning sopol haykalini yasash orqali ilk debyutini qilgan. 1927-yildan 1939-yilgacha u asosan Zagrebdagi yuqori tabaqadagi yahudiy oilalari uchun yigirmadan ortiq badiiy jihatdan juda qiziqarli kamin va pechkalar uchun bezaklar yaratgan. Domagojeva koʻchasi 2-uyda yashovchi Blyuvayslar oilasining kvartirasida virtuoz modellashtirilgan raqsga tushayotgan ayol figuralari uning ishlari orasidagi eng muhimlaridan biri boʻlgan. 1938-yilda Stella Skopal Xorvatiyada birinchi boʻlib sopoldan turli zargarlik buyumlarini yasay boshlagan. 1940-yil boshidan 1950-yil oʻrtalariga qadar koʻplab sopol stollar yaratgan, ulardan faqat bir nechtasi bugungi kungacha saqlanib qolingan. 1951-yildan 1956-yilgacha Stella Skopal sopol idishlar yasash ustida ishlagan, shu qatorda likyor va spirtli ichimliklar ishlab chiqaradigan „Maraska dd“ kompaniyasida ham faoliyat olib borgan. Bu vaqt davomida Stella Skopal u yerda ham, xorijda ham koʻplab eʼtiroflarga sazovor boʻlgan. Stella Skopal badiiy ijodining eng katta qismi kundalik foydalanish uchun moʻljallangan sopol buyumlarini shakllantirishga bagʻishlangan, jumladan: kosalar, koʻzalar, xizmatlar, vazalar, lampalar, shamdonlar va boshqa idishlar[2].
Ikkinchi Jahon urushi paytida, yahudiy boʻlganligi sababli Stella Skopal Italiyaning Treviso shahridagi „Gabianelli“ keramika zavodiga joylashtirilgan. Italiya taslim boʻlganidan keyin, Stella Skopal partizanlarga qoʻshiladi. Partizanlar bilan u Bari ittifoq harbiy gospitalida, keyinroq Cozzanodagi kulolchilik korxonasida ishlagan. Urushdan keyin, 1945-yildan 1965-yilgacha Stella Skopal Zagrebdagi amaliy sanʼat maktabida professor boʻlib faoliyat yuritgan. U kulol gʻildiragida modellashtirish va shakllar yaratishni oʻrgatgan[2].
Stella Skopal yaratgan koʻplab ijod mahsullari uning hayoti davomida izsiz yoʻqolgan, ayrimlari esa Sanʼat va hunarmandchilik muzeyida, Xorvatiya milliy teatri va Zagrebdagi Xorvatiya tarixi muzeyida, Zagreb yahudiylari jamoasida, Splitdagi sanʼat galereyasida va shaxsiy kolleksiyalarda saqlanadi[2].
Stella Skopal 1992-yil 24-dekabrda vafot etgan va Mirogoj qabristoniga dafn qilingan[3].
1975-yilda Stella Skopal umr boʻyi erishgan yutuqlari uchun Vladimir Nazor mukofotiga sazovor boʻlgan[2].