Til osti nervi kanali (canalis nervi hypoglossi) – odam kalla suyagi ensa qismida joylashgan teshik. Kanal har ikkala yuqori va medial tomondan ensa doʻngligi (condylus occipitalis) bilan chegaralanib turadi va undan til osti nervi oʻtadi.
Til osti nervi kanali ensa suyagi asosi va boʻyinturuq oʻsimtasi (processus jugularis) birikkan sohada joylashgan. Embrional rivojlanish davridagi oʻzgarishlar sababli ensa suyagida 2 va undan ortiq til osti nervi kanallari paydo boʻlishi mumkin[1].
Til osti nervi kanali sut emizuvchilarda rivojlanishning embriologik bosqichida hosil boʻladi.
Uzunchoq miyadan chiqqan til osti nervi ildizlari til osti nervi kanali orqali kalla suyagidan periferiyaga tarqaladi[2].
Til osti nervi kanalini oʻrganish bosh suyagi asosida joylashgan turli xil oʻsmalarni, jumladan: boʻyinturuq venasi katta piyozchasi oʻsmalari, miyelomalar va baʼzi hollarda meningiomani tashxislashda yordam beradi[3]. Bu kanalni oʻrganish miyaning ushbu qismida jarrohlik amaliyotini oʻtkazish uchun kalla suyagiga xavfsiz xirurgik ochib kirish usullarini ishlab chiqishda ahamiyatli hisoblanadi[4].
Til osti nervi kanali inson nutqining qadimiyligini aniqlashga qaratilgan tadqiqotlarda foydalanilgan. Tadqiqotchilar shuni aniqladilarki, bundan 2 million yil avval yashagan gominidlar zamonaviy shimpanzelarniki bilan bir xil oʻlchamdagi til osti nervi kanaliga ega boʻlgan; shuning uchun, baʼzi olimlar ular gapirishga qodir boʻlmagan deb taxmin qilishadi. Biroq, 400 000 yil muqaddam arxaik H. sapiens zamonaviy odamlarniki bilan bir xil oʻlchamdagi til osti nervi kanaliga ega edi, yaʼni ular nutq qobiliyatiga ega boʻlgan boʻlishi mumkin. Baʼzi neandertallarda ham qadimgi H. sapiens bilan bir xil oʻlchamdagi til osti nervi kanali boʻlgan. Biroq, bir nechta primat turlarinining til osti nervi kanallarini oʻrganishni oʻz ichiga olgan soʻnggi tadqiqotlar bu kanalning hajmi va inson nutqi oʻrtasidagi bogʻliqlikning ishonchli dalillarini topa olmadi[5].