Yovvoyi tunlam, janub tunlami [Euxoa conspicua Hp. (Oria musculosa Hb.)] — tunlamlar oilasiga mansub kapalak. Qanoti yoyilganda 25–38 mm. Oldingi qanotlari toʻq kulrangdan jigarranggacha boʻlib, oʻrtasidan och tusli yoʻllar oʻtadi, buyraksimon hamda dumaloq dogʻlari bor. Keyingi qanotlari och rangda. Tuxumi och sariq. Qurtlari 30 mm cha, nim yashil tovlanuvchi tuproqrang , kulrang . Ustidan boʻylama ikkita qoramtir yoʻl oʻtgan. Gʻumbagi qizgʻish jigarrang . Shakllangan qurti tuxum holida qishlaydi. Sutkalik oʻrtacha harorat 6—8° boʻlganda qurtlari chiqa boshlaydi. Tuproqning 5—10 sm chuqurligida gʻumbakka aylanadi. Gʻumbaklik davri 20—24 kun. Iyunda uchib chiqqan kapalaklari bir oy oʻtgach (iyulda) yozgi diapauzanp kechiradi va oʻrtacha harorat 18—20° boʻlganda harakatga kiradi. Urgʻochilari tuxumini toʻp-toʻp qilib (8—130 tagacha) oziqlanadigan usimligi yaqinidagi tuproqqa qoʻyadi (hammasi boʻlib 100—350 gacha). Yilda bitta avlod rivojlanadi. Oʻrta Osiyo, Qozogʻiston va b. joylarda tarqalgan. Gʻoʻza, bugʻdoy, javdar, arpa, makkajoʻxori, beda, sudanoʻt, oq joʻxori va b. ekinlarga zarar keltiradi. Kurash choralari: boshokli begona oʻtlarni yoʻqotish; angʻizni chuqur qaydash, almashlab ekishda boshoqlilarni ketmaket ekmaslik; ekinlarga xlorofosning 80% li h.k. (1,5—1,8 kg/ ga)ni purkash yoki pestitsidlar dustlarini changitish; zararlangan dalalarga trixogramma tarqatish.[1][2][3]