Bar sayohati[1][2], barlar boʻylab sayohat, mayxonalar boʻylab sayohat (inglizcha: pub crawl pubcrawl) — bitta yoki bir guruh odamlarning bir nechta pab yoki barlarda ketma-ket ichimlik ichish odati.
inglizcha: pub crawl atamasi Buyuk Britaniyadan kelib chiqqan. Odatning qanday paydo boʻlgani nomaʼlum (U. Jen buni proletarlarning ishdan piyoda qaytishlari, yoʻl boʻyi dam olish uchun mayxonalarda toʻxtaganlari bilan bogʻlaydi), ushbu odat 20-asr boshlarida AQShda keng tarqalgan[3].
Bar boʻylab sayohatlar kutilmaganda boshlanishi yoki avvaldan tashkillashtirilishi mumkin.
Kutilmaganda boshlanadigan sayohat — odatda juma kuni kechqurun bir guruh doʻstlarning barlar boʻylab sayohat qilib chiqishlari; bu odatda Avliyo Patrik kuni yoki Xellouin kabi bayram, shuningdek, „kuyov bazmi“ yoki „kelin bazmi“, tugʻilgan kun, diplom olish yoki boshqa har qanday hodisani nishonlash usulidir. Baʼzida bu biron bir barda tanishib qolgan va koʻngilxushlikni boshqa barlarda davom ettirishga qaror qilgan odamlarning haqiqatan ham kutilmaganda boshlangan sayohati boʻladi.
Tashkillashtirilgan sayohatlar esa bir martalik ham, muntazam ham boʻlishi mumkin. Shu bilan birga, ular notijoriy tadbir sifatida flesh-mob rejimida (smartmob) tashkil etiladi, bunday sayohatlar yirik shaharlarda mahalliy aholi va sayyohlar uchun gid rahbarligidagi koʻngilxushlik qilish yoki sayyohlar orasida mashhur boʻlmagan joylardan oʻtish usuli hisoblanadi[4]. Avvaldan tashkil etilgan turlar maʼlum bir narsaga bagʻishlab, kokteyl sayohatlari, pivo sayohatlari va boshqa mavzularga ajratilgan boʻlishi mumkin[5].
Metroda harakatlanish bilan bogʻliq pabkrouls ham mashhur boʻlib, ularni koʻpincha subcrawl deya atashadi (amer.ingl. Subway „metro“). Ishtirokchilar maʼlum bir metro liniyasi boʻylab bekatlarda tushishadi va barlarda ichishadi[6].
Londonda Yangi zelandiyaliklar tomonidan mamlakatga asos solingan kun nishonladigan tadbir ham ana shunday sabkroullardan biridir. Ular metroning aylana liniyasi boʻylab har bir bekatda tushib, barlarda ichishadi[6]. Metroda Shotlandiyaning Glazgo shahridan boʻlgan pabkroulerlar ham sayohat qiladilar.
Odatda bar safariga 15-30 kishi toʻplanadi, ular bir-birlari bilan tanishadilar va butun oqshomni birgalikda oʻyin-kulgi bilan oʻtkazadilar. Ammo dunyoda yuzlab, baʼzan minglab odamlarni toʻplaydigan aksiyalar uyushtirilishi mumkin. Misol uchun, Avstraliyadagi The World’s Greatest Pub Fest sayohati Ginnesning rekordlar kitobiga muntazam ravishda oʻtkaziladigan dunyodagi eng katta ommaviy pabkroul sifatida kiritilgan: 2009-yilning 14-iyun kuni unga 4718 kishi toʻplagan.
Shuningdek, Rojdestvo bayrami sharafiga uyushtiriladigan bar sayohatlari turli mamlakatlarda mashhur boʻlib, eng katta Rojdestvo pabkrouli 2010-yilda Chikagoda oʻtkazilgan.10 ming kishi toʻplangan tadbir „12 ta Rojdestvo bari“ deb nomlangan.
Bar sayohatlari tushunchasi odatda sayyohlar orasida mashhur boʻlmagan barlar[4], quvnoq davra, yangi tanishlar va qiziqarli oʻyinlar bilan bogʻlanadi.
Oldindan tashkil qilingan pabkroulning kutilmaganda tashkil qilingan bar sayohatidan afzalligi sayyohlar va mahalliy aholini shaharning ekzotik jihatlari bilan tanishtirish, shuningdek, barlarga tashrifning uzoq davom etishi hisoblanadi. Shu bilan birga, tashkiliy nuqtai nazardan, bunday bar safarlarini rejalashtirish juda qiyin.
Ammo ushbu tadbir hamma joyda ham tinchlik bilan oʻtkazilmaydi. Misol uchun, Barselonada hukumat pabkroul ishtirokchilari jamoat tartibini koʻp buzganliklari sababli bu kabi ommaviy tadbirni taqiqlashga qaror qilishgan.
Umuman olib qaraganda bunday tadbirlar dunyoda ijobiy baholanadi, hostellar va mehmonxonalar ularni oʻz tashrif buyuruvchilarga tavsiya qiladilar, bunday sayohatlarda yetakchining mavjudligi va barlar bilan kelishuvlar bayramni begona mamlakatning odatlari bilan tanish boʻlmagan sayyohlar uchun xavfsiz qiladi.