Umar Nazarovich Kremlyov | |
---|---|
Xalqaro boks assotsiatsiyasi prezidenti | |
Mansab davri 2020-yil 12-dekabrdan – hozirgacha | |
Oʻtmishdoshi | Gʻofur Rahimov |
Shaxsiy maʼlumotlari | |
Tavalludi |
1-noyabr 1982-yil Moskva |
Mukofotlari |
Umar Nazarovich Kremlyov (asl familiyasi – Lutfulloyev; 1982-yil 1-noyabr, Serpuxov[1][2], Moskva viloyati, RSFSR, SSSR) – Rossiya va xalqaro sport funksioneri. Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA) prezidenti (2020-yil 12-dekabrdan), Yevropa boks konfederatsiyasi (EUBC) birinchi vitse-prezidenti (2019-yil fevraldan). Rossiya boks federatsiyasi ijroiya qoʻmitasining amaldagi aʼzosi va sobiq Bosh kotibi (2017-2020)[3]. 2022-yil may oyida Xalqaro boks assosiasiyasi prezidenti etib qayta saylangan[4].
Yoshligida murabbiy Aleksey Galeyev rahbarligida boks bilan shugʻullangan, 19 yoshida boksni tark etgan[5][6]. Oliy maʼlumotni Moskva davlat kommunal xoʻjaligi va qurilish akademiyasida olgan[7][8].
2004-yilda tovlamachilik va 2007-yilda qasddan badanga shikast yetkazish moddalari bilan sudlangan. 2010-yilda familiyasini Lutfulloyevdan Kremlyovga oʻzgartirgan[9].
Keyinchalik taksi, qurilish va xavfsizlik sohalarida, umumiy ovqatlanish sohasida tadbirkorlik faoliyatini olib bordi[10]. 2009—2012-yillarda Strategik rivojlanish va modernizatsiya markazi prezidenti lavozimida ishlagan. 2017-yilning iyuligacha „Patriot“ promouterlik kompaniyasi rahbari boʻlgan. Roy Jones, Fyodor Chudinov[11], Dmitriy Chudinov va Mixail Aloyan kabi bokschilarning murabbiyi va promouteri sifatida ishlagan. 2013-yilda „Tungi boʻrilar“ bayker klubiga qoʻshildi, ammo keyinchalik uni tark etdi[12].
2017-yil 1-fevraldan – Rossiya boks federatsiyasi Ijroiya qoʻmitasi aʼzosi, keyinchalik Bosh kotibi. Bir necha bor boks boʻyicha keng koʻlamli tadbirlarni tashkil etishda ishtirok etgan, ular orasida Butunjahon boks superseriyasining yarim finali va finali ajralib turadi. Rossiya boks kuni va Xalqaro boks kunini belgilash tashabbuskori. 2018-yilning 1-4-fevral kunlari[13] Sochida va 2019-yil 12-16-iyunda[14] Yekaterinburgda boʻlib oʻtgan Xalqaro boks forumlarining tashabbuskori. Jahon boks fondi asoschisi[15][16].
2018-yil 3-noyabr kuni Xalqaro boks assotsiatsiyasining (AIBA) Moskvadagi Kongressida Umar Kremlyov koʻpchilik ovoz bilan (63 ovoz) Assotsiatsiya Ijroiya qoʻmitasiga saylandi va Ijroiya qoʻmitasidagi birinchi Rossiya fuqarosi boʻldi[17]. 2019-yilning 8-9-fevral kunlari Istanbul shahrida (Turkiya) boʻlib oʻtgan AIBA Ijroiya qoʻmitasida AIBA marketing komissiyasini boshqargan. 23-fevralda esa Yevropa boks konfederatsiyasi (EUBC) birinchi vitse-prezidenti lavozimiga 40 dan 25 koʻpchilik ovoz bilan saylangan. Moskvadagi Bosh assambleyada EUBC yangi ijroiya qoʻmitasi va vitse-prezidentlari uchun saylovlar boʻlib oʻtdi[18].
2020-yilning 12-dekabrida Gʻofur Rahimov isteʼfoga chiqqanidan soʻng AIBA prezidentligi uchun yangi onlayn saylov oʻtkazildi[19]. Bu lavozimga Rossiya boks federatsiyasi bosh kotibi va Yevropa boks konfederatsiyasi vitse-prezidenti Umar Kremlyovdan tashqari toʻrt nafar nomzod daʼvogarlik qilgan. Umar Kremlyovni ovoz berishda qatnashgan delegatlarning 86 nafari (57,6%) qoʻllab-quvvatladi. Kremlyov Alisher Usmonov (Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi – FIE) va Vladimir Lisindan (Xalqaro oʻq otish sporti federatsiyasi – ISSF) keyin yirik Olimpiya sport federatsiyasiga rahbarlik qilgan uchinchi Rossiya fuqarosi boʻldi[20]. Kremlyov saylanganidan soʻng, oʻzining yangi lavozimida AIBAning xalqaro sport hamjamiyatidagi mavqeini tiklash, barcha milliy boks federatsiyalari birligini, antidoping ishlarini olib borish va sportchilar, murabbiylar tayyorlash uchun har bir qitʼada boks akademiyalarini yaratishga eʼtibor qaratishini maʼlum qildi[21].
2019-yilda moliyaviy, boshqaruv, hakamlik va etika talablarini buzgani uchun XOQ tomonidan AIBA faoliyati vaqtincha toʻxtatilgani sababli, 2021-yilda Tokiodagi boks boʻyicha musobaqa XOQ maxsus komissiyasi tomonidan oʻtkazilmagan[22]. 2021-yilda Kremlyov AIBAning 20 million dollarga yaqin qarzlarini toʻlaganini eʼlon qildi[23].
2022-yilning 13-mayida u muqobil boʻlmagan asosda XBA rahbari lavozimiga qayta saylandi: uning asosiy raqobatchisi gollandiyalik Boris van der Vurst saylovdan chetlashtirildi[24][25]. Keyinchalik Sport arbitraj sudi van der Vurstni saylovdan chetlashtirish haqidagi qarorni bekor qildi[26].
2022-yil 25-sentyabrda Yerevanda XBA kongressi boʻlib oʻtdi. Tadbir davomida milliy federatsiyalar qayta saylov oʻtkazishdan bosh tortdi va Umar Kremlyovni qoʻllab-quvvatladi[27].
2019-yil iyul oyida AIBA Kremlyovga nisbatan ilgari qoʻyilgan jinoiy ayblovlar boʻyicha tergov boshladi. Tergov AIBA muvaqqat prezidenti Muhammad Mustasan isteʼfoga chiqqanidan keyin boshlangan. 2019-yil avgust oyida „Sovetskiy sport“ gazetasida jurnalistik tekshiruv eʼlon qilindi, unda Kremlyovning kotib sifatidagi faoliyati va uning shaxsi tanqid qilindi[12][28]. Kremlyovning faoliyatini Rossiya Federatsiyasi boks jamoatchiligining bir qator aʼzolari ochiq xatda qoralab, ular Rossiya boks federatsiyasining Kremlyov faoliyati davomidagi qoniqarsiz ahvoli haqida aytdilar[29]. Biroq, 2019-yil 16-avgust kuni AIBA intizom komissiyasi Kremlyov ishini „ayblovlarning asossizligi“ bilan yopib qoʻydi[12][30].
2019-yil dekabr oyida Kremlyov rossiyalik sportchilarning Rossiya bayrogʻi ostida jahon chempionatlari va Olimpiya oʻyinlarida qatnashish huquqidan mahrum qilinganligi munosabati bilan sud muhokamasi orqali qarorni bekor qilishni talab qilishga tayyorligini eʼlon qildi[31].
Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) Kremlyov rahbarligidagi IBA faoliyatidan tashvishga tushgan. Kremlyov Vladimir Putin bilan aloqador bo‘lib, IBA operatsiyalarining katta qismini Lozannadan Rossiyaga ko‘chirgan, o‘zini reklama qilishga katta mablag‘ sarflagan hamda hakamlar va arbitrlarning mustaqil tayinlanishiga qarshi chiqqan. XOQ, shuningdek, Rossiyaning Ukrainaga bosqinini qo‘llab-quvvatlovchi Gazprom kompaniyasi IBAning yagona homiysi ekanligidan ham xavotir bildirgan[32][32][33].
2023-yilda Kremlyov rahbarligida boks boʻyicha jahon chempionatida janjal yuz berdi. Jazoirlik bokschi ayol Iman Xalif ilgari magʻlub boʻlmagan rossiyalik sportchi Azaliya Amineva ustidan gʻalaba qozonganidan uch kun oʻtgach, diskvalifikatsiya qilindi. IBA Xalif va tayvanlik bokschi Lin Yuytinning diskvalifikatsiyasini sportchi ayollar uchun jins aniqlash testidan oʻta olmaganligi bilan tushuntirdi. Ikkala sportchining ham biologik jinsi erkak boʻlib chiqdi. IBA ushbu testlarning natijalari haqida aniq tafsilotlarni taqdim etmadi, bu esa jarayonning shaffofligiga shubha uygʻotdi. Vaziyat Parij-2024 Olimpiadasida davom etdi, bu yerda Xalif va Linning ishtiroki ularning oldingi diskvalifikatsiyasi tufayli bahslarning yangi toʻlqinini keltirib chiqardi. Kremlyov bu vaziyatdan XOQni keskin tanqid qilish uchun foydalandi. Olimpiada „sof iblislardan iboratligini“, XOQ prezidenti Thomas Bachni „yovuzligini“, „zudlik bilan isteʼfoga chiqishi kerakligini“ aytdi[34].
2-darajali „Vatanga xizmatlari uchun“ medali (2020-yil 11-mart) – jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga qoʻshgan ulkan hissasi, koʻp yillik vijdonli mehnati uchun[35].
2-darajali Karageorgiy yulduzi ordeni (2022-yil 15-fevral) – mamlakatlar oʻrtasidagi hamkorlik va 2021-yil oxirida Belgradda erkaklar oʻrtasida boks boʻyicha jahon chempionatini tashkil etish bilan yakunlangan boks rivojiga qoʻshgan katta hissasi uchun[36].
„Yilning eng yaxshi murabbiyi“ nominatsiyasida „Oltin qoʻlqoplar“ xalqaro mukofoti sovrindori (2015)[10].
Baʼzi maʼlumotlarga koʻra, Rossiya Federatsiyasi Prezidentining Faxriy yorligʻi, „Rossiya Federatsiyasi Prezidenti xavfsizlik xizmatiga 25 yil“ medali, Rossiya Federatsiyasi Prezidentining minnatdorchiligi kabi mukofotlar bilan taqdirlangan. Federatsiya „koʻp yillik vijdonli mehnat va faol ijtimoiy faoliyat uchun“ va „Muqaddas Georgiy shon-sharafi“ xochi bilan ham mukofotlangan[37].
Kremlyov MMAga salbiy munosabatda boʻlib, bunday musobaqalarning qadriyatlari boks qadriyatlariga toʻgʻri kelmasligini aytgan[38]. MMAda kurash, boks va qoʻl jangida muvaffaqiyatga erishmagan sportchilar borligini taʼkidlagan[39][40].